• 14.03.2026

Navroʻz arafasidagi umumxalq hasharida “Avosanoat Invest” jamoasi faol ishtirok etdi

Navroʻz – yangilanish, mehr-oqibat va birdamlik timsoli boʻlgan ulugʻ ayyomdir. Ushbu qutlugʻ bayram arafasida mamlakatimiz boʻylab anʼanaviy umumxalq hasharlari tashkil etilib, hududlarni obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash hamda aholi yashash maskanlarini yanada fayzli qilishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur ezgu tashabbusda “Avosanoat Invest” jamoasi ham faol ishtirok etib, korxonaga biriktirilgan maxsus yashil hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi. Hashar davomida xodimlar tomonidan hududlar chiqindilardan tozalandi, daraxt va butalar parvarish qilindi, ariq-zovurlar tozalandi, yashil maydonlar tartibga keltirildi hamda gul koʻchatlari ekildi.

Jamoa aʼzolari hasharni nafaqat obodonlashtirish tadbiri, balki jamoaviy hamjihatlik, oʻzaro hurmat va masʼuliyatni mustahkamlovchi ezgu anʼana sifatida qabul qilib, barcha ishlarni yuqori kayfiyat va fidoyilik bilan amalga oshirdilar.

Bunday tadbirlar atrof-muhitni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, mehnat jamoalari oʻrtasida birdamlik va hamkorlik ruhini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Avosanoat Invest” jamoasi kelgusida ham mamlakatimizni obod etish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda yurtimiz ravnaqiga xizmat qiluvchi ijtimoiy tashabbuslarda faol ishtirok etishni oʻzining ustuvor vazifalaridan biri deb biladi. Navroʻz ayyomi arafasida amalga oshirilgan ushbu umumxalq hashari ham jamoaning Vatanga muhabbat, fidoyilik va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarga sodiqligining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.